Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Vashingtonga jo‘nab ketdi, u yerda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tashrif dasturiga muvofiq, davlatimiz rahbari AQSH Prezidenti Donald Tramp, Kongress Senati va Vakillar palatasi vakillari, AQSH vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoning AQSH bilan mintaqalararo hamkorligini chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirokida uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirlar yakunida qator ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.