Turkiya O‘zbekiston fuqarolari uchun elektron ish vizalarini joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.

Anqarada O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mehmet Aktash bilan uchrashdi. Muzokaralarda Turkiya tomoni boshqa viza toifalari bo‘yicha Turkiyaga kirgan O‘zbekiston fuqarolariga mamlakatni tark etmasdan ishlash uchun ruxsatnoma berish imkoniyatini o‘rganishini ma’lum qildi.

Shuningdek, Turkiya O‘zbekiston fuqarolari uchun elektron ishchi vizalarni joriy etish masalasini ko‘rib chiqishga va noqonuniy bo‘lib turgan shaxslar to‘g‘risida yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish ustida birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar ikki mamlakat ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish va fuqarolarning o‘z vataniga qaytishiga ko‘maklashish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolashi mumkin.

O‘zbekiston TIV vakillari Turkiyadagi potensial ish beruvchilar bilan vatandoshlarni qonuniy ishga joylashtirish masalalarini muhokama qildi.

Mos İnsan Kaynakları İşkur O‘zel İstihdam Bürosu Antaliyadagi 10 dan ortiq mehmonxonada 500 dan 1000 nafargacha O‘zbekiston fuqarosini mavsumiy ishlarga jalb qilish imkoniyati borligini ma’lum qildi. Uchrashuvda ish beruvchilar o‘zbekistonliklarni tanlash va ishga joylashtirishni tashkil etish jarayoni bilan bog‘liq masalalarni ko‘tardilar. Xususan, ushbu muammolarni qisqa muddatda bartaraf etishga kelishib olindi.