Toshkent shahrida maxsus ishchi guruh tuzilib, u qish mavsumida shaharning hayotni ta’minlash tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash bilan 24 soat davomida shug‘ullanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Poytaxtda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2025/2026 yillar qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash maqsadida Toshkent shahar ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda.

Guruh iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari, ko‘p xonadonli uy-joy fondini qish mavsumiga tayyorlash, iste’molchilarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik energiyasi va ichimlik suvini uzluksiz yetkazib berish, shuningdek, aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni hal etish bo‘yicha o‘z faoliyatini amalga oshiradi.

Fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tezkor yechim topish maqsadida shtabga 71 210-02-62, 1055 raqamlari orqali murojaat qilishlari yoki Xalq nazorati portali orqali murojaat yozishi mumkin.