Toshkentda chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun qarzdor bo‘lgan 6 ming abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati cheklandi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

5-noyabr kuni poytaxtda chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bo‘yicha qariyb 2,3 mlrd so‘mlik qarzdorlik uchun 25 121 nafar abonentga SMS xabar yuborildi. Xabarnomani olgandan so‘ng besh kun ichida qarzdorlikni to‘lamagan abonentlarga elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklandi.

Ayni paytda Toshkent shahri bo‘yicha chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun jami debitor qarzdorlik 582 mln so‘mdan oshadi. Idoraning eslatishicha, ushbu cheklov qarz to‘liq to‘langandan so‘ng darhol olib tashlanadi.

Mazkur tartib 2025-yil 30-iyunga qadar hosil bo‘lgan qarzdorliklarga nisbatan tatbiq etilmaydi. 2025-yil 1-iyuldan boshlab joriy yilning 5-noyabridan boshlab chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun qarzdorlikka cheklovlar qo‘llaniladi. Sanitar tozalash korxonalari xizmatlarga haq to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarning aniqligi va to‘g‘riligi uchun javobgardirlar. Mamlakatning qolgan hududlarida ushbu tartib joriy yilning dekabr oyidan boshlab joriy etiladi.