O‘zbekiston hukumati Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibini tasdiqladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Agar bemor rejali tibbiy yordam olish uchun muassasaga o‘z xohishiga ko‘ra, tegishli yo‘llanmasiz murojaat qilsa, yordam belgilangan tartibda pullik asosda ko‘rsatiladi.
Bepul tibbiy yordamning kafolatlangan paketiga kirmaydigan xizmatlar qo‘shimcha hisoblanadi va pullik asosda ko‘rsatiladi.
Bemor muassasalarning ro‘yxatga olish bo‘limlari tomonidan qabul qilinadi va ro‘yxatga olinadi. Har bir mijozning tibbiy kartasida uning shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlar asosida pulli xizmat ko‘rsatilganligi fakti ko‘rsatiladi.
Nizomga ko‘ra, mijozlar tibbiyot muassasalariga oldindan to‘lovni to‘liq amalga oshirish sharti bilan qabul qilinadi. Tasdiqlangan preyskurant bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng fuqarolar mutaxassis shifokor maslahatiga va (yoki) instrumental-laboratoriya diagnostikasiga yuboriladi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra bemorni tor doiradagi mutaxassisga yuborish tayinlanadi va (yoki) ambulatoriya yoki statsionar sharoitida davolash chorasi belgilanadi.