20-noyabr kuni O‘zbekiston bo‘yicha havo harorati biroz pasayadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Sharqdan 5-12 m/s tezlikda shamol esmoqda. Respublika bo‘yicha harorat kunduzi 12-21°, kechasi 0-5 daraja iliq, Qoraqalpog‘istonda tunda harorat -2° gacha pasayib, ayoz bo‘lishi mumkin.
Toshkentda sharqiy shamol 3-8 m/s tezlikda esmoqda. Harorat kechasi 4-6 daraja iliq, kunduzi 16-18 daraja iliq bo‘ladi.
Tog‘li hududlarda — sharqiy shamol 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 0-5 daraja iliq, kunduzi 8-13 daraja iliq bo‘ladi.
Poytaxt, Toshkent viloyati, Farg‘ona vodiysi va O‘zbekistonning boshqa bir qator hududlarida havoning kuchli ifloslanishi kutilmoqda, sinoptiklar vaziyatning yomonlashishini issiqlik inversiyasi bilan bog‘lamoqda.
Avvalroq 2026-yil O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun qurg‘oqchil kuz va bahor boshida haroratning keskin o‘zgarishi tufayli halokatli bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.