Toshkent viloyati IIBB YHXB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hodisa 23 noyabr kuni soat 14:00 larda Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi D-012 Bektemir—Chorbog‘ avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.
Toshkent shahrida yashovchi 41 yoshli G.A. Honda mototsiklida poytaxt tomon katta tezlikda harakatlanib ketayotgan vaqtida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi temir to‘siqqa borib urilgan.
Olingan tan jarohatlari oqibatida erkak voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.