Namangan viloyatida yo‘l-patrul xizmati xodimi vafot etdi Namangan viloyatida yo‘l-patrul xizmati xodimi vafot etdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

25-noyabr kuni kechqurun Navoiy viloyati YHXBning 28 yoshli inspektori Doniyor Nurullayev piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotganda vafot etdi. Uni haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan yigit boshqaruvidagi Onix avtomobili urib yuborgan.

YPX xodimi olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Ma’lum bo‘lishicha, Nurullayev davolanish va sog‘lig‘ini tiklash uchun Namangan viloyatida bo‘lgan. Marhumning ikki nafar farzandi bor.

Avvalroq Davlatobod tumanida ham xuddi shunday ayanchli holat yuz bergandi: haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan Onix haydovchisi inspektorning talablariga bo‘ysunmay, uni urib yuborgan. O‘shanda halok bo‘lgan xodimning xotini va uch farzandi qolgan.