O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar har yili inflyatsiyadan yuqori sur’atlarda oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yilga mo‘ljallangan byudjetnomasida aytiladi.
Makroiqtisodiy va fiskal siyosatning 2030-yilgacha bo‘lgan davrdagi asosiy maqsadi aholining real daromadlarini oshirishdir. Byudjet tashkilotlari xodimlari, pensionerlar va nafaqa oluvchilar uchun to‘lovlarni har yili inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish rejalashtirilgan bo‘lib, bu respublika byudjetidan Pensiya jamg‘armasiga transfertlar hajmini bosqichma-bosqich kamaytirish imkonini beradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi prognozlariga ko‘ra:
- 2026-yil boshida Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari qoldig‘i 3,9 trln so‘mni tashkil etadi;
- daromadlar — 64,7 trln so‘m;
- xarajatlar — 86,1 trln so‘m.
2026-yilda taqchillikni qoplash uchun byudjetdan 23 trillion so‘m ajratiladi — bu o‘tgan yilga nisbatan 13,8 foizga ko‘p.
Keyingi yillarda transfertlarning bosqichma-bosqich kamayishi kutilmoqda:
- 2027-yilda — 20 trln so‘m;
- 2028-yilda — 18 trln so‘m.
Pensiya jamg‘armasining daromadlari prognoz bo‘yicha quyidagilarni tashkil etadi:
- 2027-yilda — 75 trln so‘m, xarajatlar 95,1 trln;
- 2028-yilda — 87,8 trln, xarajatlar 104,8 trln so‘m.
Kelgusi uch yil ichida pensionerlar soni 489 ming kishiga o‘sib, 4,76 mln. Har yili pensiya yoshiga to‘ladigan fuqarolar soni 5,1 foizga — 2025-yildagi 305 mingdan 2028-yilda 321 minggacha oshadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi to‘lovlarni oshirish qiymatiga ham aniqlik kiritdi:
- byudjet xodimlari ish haqining 1 foiz bandga oshishi byudjet xarajatlarini 1,67 trln so‘mga oshiradi;
- pensiyalarning xuddi shunday oshirilishi — 861 mlrd so‘mga;
- ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonini 10 foizga oshirish uchun qo‘shimcha qariyb 1,6 trillion so‘m mablag‘ talab etiladi.