Prezidentning 24-noyabrdagi “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-229-son farmoniga ko‘ra, poytaxt va unga tutash tumanlardagi issiqxona xo‘jaliklari tabiiy gaz bilan isitishga o‘tkazilishi kerak. Buning uchun uni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
“Hududgazta’minot” issiqxona xo‘jaliklari bilan uch tomonlama shartnomalar tuzishni boshladi. Qayd etilishicha, Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilgan umumiy maydoni 173,1 gektar bo‘lgan 68 ta issiqxona shartnomalar tuzib, belgilangan tartibda tabiiy gaz bilan ta’minlanmoqda.
Bundan tashqari, Zangiota tumanidagi 34 ta va Qibray tumanidagi 66 ta issiqxona xo‘jaliklari bilan issiqlik energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirildi. Ushbu obyektlarning barchasi to‘liq hajmda issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda gaz ta’minoti tizimiga ulangan barcha issiqxona xo‘jaliklari tabiiy gazni uzluksiz va kerakli hajmda olmoqda.