O‘zbekistonda 1-dekabrdan sotish taqiqlangan Ai-80 benzinini sotishga yo‘l qo‘ymaslik uchun yoqilg‘i quyish shoxobchalarida tekshiruvlar boshlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” xabar bermoqda.

26-noyabrdan 2-dekabrgacha bo‘lgan bir hafta ichida 90 ta AYQShda 191 ta turli yoqilg‘i namunalari olingan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 23 ta holatda neft mahsulotlari standartga javob bermagan. Shu tariqa 306,43 ming litr sifatsiz yoqilg‘i sotilishining oldi olindi.

Yil boshidan buyon jami 632 ta obyekt tekshirilgan bo‘lib, ularning 210 tasida yoki har uchinchisida sifatsiz yoqilg‘i sotilgan — 8,576 million litr yoqilg‘i sotilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Inspeksiyaning eslatishicha, texnik reglament talablariga javob bermaydigan va zaharli moddalarning me’yordan ortiqcha chiqarilishiga olib keladigan yonilg‘i-moylash materiallarini realizatsiya qilganlik uchun javobgarlik belgilangan.