O‘zbekistonda DMED “Elektron retsept” tizimi ishga tushirilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 570-sonli qarorida keltirilgan.
2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahrida, shuningdek, mamlakatning 15 ta shahar va tumanlarida “Elektron retsept” tizimi joriy etiladi. Ushbu jarayon tajriba tariqasida o‘tkaziladi. 2026-yil oxirigacha barcha tibbiyot muassasalari va dorixonalarni ulash, 2027-yil yanvardan esa yangi modelga to‘liq o‘tish rejalashtirilgan.
Barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari DMED raqamli sog‘liqni saqlash platformasi orqali ishlashga majbur bo‘ladi. U to‘liq ishga tushirilgunga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligining amaldagi elektron sog‘liqni saqlash tizimidan foydalaniladi.
Retsept bo‘yicha dori vositalarini tayinlash va berish raqamli formatda qayd etiladi va avtomatik ravishda “Elektron retsept” moduliga uzatiladi. Shu bilan birga, shifokorlarga reimbursatsiya dasturida ishtirok etuvchi kuchli ta’sir qiluvchi, psixotrop vositalar va dorilarning ayrim toifalaridan tashqari, xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalarini buyurish buyurildi.
Elektron retsept bo‘yicha dorilarni olish jarayoni bir necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
- Bemor klinik protokollar va standartlarga muvofiq davolashni tayinlaydigan shifokor qabulidan o‘tadi.
- Bemor to‘g‘risidagi ma’lumotlar va ko‘rsatmalar tibbiy axborot tizimiga kiritilib, elektron tibbiy karta shakllantiriladi.
- Ushbu ma’lumotlar asosida QR-kod va shifokorning elektron imzosi bilan elektron retsept rasmiylashtiriladi.
- Bemor yoki uning vakili dorixonaga murojaat qiladi, u yerda farmatsevt retseptni tekshirib, preparatni beradi va dori haqidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi.
Zarur hollarda shifokor elektron retseptni qog‘ozga chop etib, bemorga uzatishi mumkin. Statsionar sharoitda davolangan bemorlar uchun elektron retseptlar kasallik varaqasida yoki kasallik tarixida ko‘rsatilgan dorilarga, ularni qabul qilish muddatlari albatta ko‘rsatilgan holda rasmiylashtiriladi.
Elektron retseptda quyidagilar ko‘rsatiladi:
- tibbiyot tashkiloti va uning litsenziyasi ma’lumotlari;
- bemor haqidagi ma’lumotlar (JSHSHIR, F.I.O., tug‘ilgan sanasi);
- XKT bo‘yicha tashxis;
- dori vositasining nomi, dozasi, sxemasi va qabul qilish davomiyligi;
- retsept raqami va berilgan sanasi;
- davolovchi vrach ma’lumotlari.
Faqat O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tkazilgan preparatlargina berilishi mumkin. Farmatsevtlar berilgan dori vositasining seriyasi, yaroqlilik muddati va partiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd etishlari shart. Shifokorlar, o‘z navbatida, dori vositalarining harakatini onlayn rejimda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Cheklovlar va nazorat
Tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lmaganda, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalariga (orfan dori vositalaridan tashqari), shuningdek, anesteziya uchun qo‘llaniladigan vositalarga elektron retsept rasmiylashtirilmaydi.
Tibbiyot muassasalarida elektron retseptlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilishi ustidan nazorat Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi. Dorixonalarda ularning qo‘llanilishini nazorat qilish Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga yuklatilgan.
Hujjat hozircha ayrim toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va tarkibida narkotik va psixotrop komponentlar bo‘lgan preparatlarga tatbiq etilmaydi. Ularni elektron tizimda hisobga olish mexanizmi 2027-yil 1-yanvarga qadar hukumatga taklif etilishi lozim.
9-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 12 817 nomdagi dori vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, ularni berish retsept asosida amalga oshiriladi, to‘liq ro‘yxat bilan havola orqali tanishish mumkin.