Xalqaro futbol federatsiyasi kengashi 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati yakunlari bo‘yicha taqsimlanadigan 727 million dollar miqdoridagi moliyaviy to‘lovlarning rekord miqdorini tasdiqladi.

Shundan 655 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri turnirning 48 terma jamoasi uchun mukofot pullariga yo‘naltiriladi. Guruh bosqichini yakunlagan terma jamoalar 9 mln dollardan mukofot puli olishadi.

Bundan tashqari, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan har bir jamoa turnirga tayyorgarlik ko‘rish xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha 1,5 million dollar oladi. Shu tariqa, hatto guruh bosqichidan chiqib ketgan taqdirda ham O‘zbekiston kamida 10,5 million dollar — 9 million dollar mukofot puli va 1,5 million dollar xarajatlar kompensatsiyasini qo‘lga kiritadi.

Jahon chempionati g‘olibi $50 mln, finalchi $33 mln, uchinchi o‘rinni egallagan jamoa $29 mln, to‘rtinchi o‘rinni egallagan jamoa $27 mln ishlab topadi. Chorak final ishtirokchilari 19 million dollardan, 1/8 final ishtirokchilari 15 million dollardan, 1/16 final bosqichida mag‘lub bo‘lgan jamoalar 11 million dollardan mukofot puli olishadi.

FIFA prezidenti Janni Infantino 2026-yilgi jahon chempionati nafaqat sport, balki moliyaviy jihatdan ham jahon futbol hamjamiyati rivojiga ulkan hissa qo‘shishini ta’kidladi.