O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa komissiyasining Ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha bosh direktorati ekspertlari bilan maslahatlashuvlarning birinchi bosqichini o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.
Tadbir davomida mehnat faoliyatini amalga oshirish, o‘qish, yuk mashinalari haydovchilari, shuningdek, sayyohlik guruhlari uchun kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartib-qoidalarini soddalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Yevropa tomoni O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirish masalasini Yevrokomissiya yig‘ilishiga kiritish uchun bajarilishi kerak bo‘lgan bir qator shartlarni belgilab berdi.
Uchrashuv yakunida yuqorida qayd etilgan maqsadlarga tez fursatda erishish uchun yana shunday maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.