Oliy Majlis Senati O‘zbekistonning 2026-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi, deya xabar bermoqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.
Qonun mahalliy Kengashlar sessiyalari va Senat qo‘mitalari majlislarida keng jamoatchilik va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida atroflicha o‘rganildi. Ko‘rib chiqish jarayonida byudjet mablag‘larining taqsimlanishi, ustuvor yo‘nalishlarning asoslanganligi va ularning samaradorligi chuqur tahlil qilindi.
Aholi turmush darajasini yaxshilash, fuqarolar farovonligini oshirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimi qamrovini kengaytirish va sifatli ta’limni ta’minlash kabi ijtimoiy yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi — 220 trillion so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Jumladan, ta’lim sohasiga 100 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 49 trln so‘m yoki joriy yilga nisbatan 11,4 foizga ko‘p mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
2026-yil uchun prognoz qilinayotgan inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘ladi. Davlat budjeti xarajatlari 402,6 trln so‘m, daromadlari 368,9 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan. Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 78,6 trln so‘mni, xarajatlari 74,4 trln so‘mni tashkil etadi.
Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln so‘mni, xarajatlari 567,6 trln so‘mni tashkil etadi, defitsit yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmaydi.