Yaponiyaning yetakchi gazetalaridan biri The Japan News “O‘zbekiston chorrahada: Toshkent Markaziy Osiyoda yangi davrni qanday shakllantirmoqda va bu Yaponiya uchun nimani anglatadi” sarlavhali maqola chop etdi.
Materialda Yaponiya nuqtayi nazaridan O‘zbekistonning bugungi o‘rni va istiqbollari batafsil tahlil qilinadi. Mamlakat Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuvning “lokomotivi” sifatida tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Xususan, mintaqa mamlakatlari yetakchilarining muntazam uchrashuvlari, chegara masalalari bo‘yicha kelishuvlar, infratuzilma va savdo sohasidagi integratsiya ta’kidlanmoqda. Yaponiya O‘zbekistonga nafaqat ishonchli strategik sherik, balki butun Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun asosiy “darvoza” sifatida qaraydi.
O‘zbekistonning transport, energetika, raqamli va xavfsizlik sohalaridagi markaziy o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Shavkat Mirziyoyev 18-20 dekabr kunlari amaliy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ladi.
The Japan News Yaponiyaning eng nufuzli ingliz tilidagi nashrlaridan biri bo‘lib, Yomiuri Shimbun media guruhiga kiradi. Gazetaning asosiy auditoriyasini diplomatlar, siyosatchilar, investorlar va akademik doiralar vakillari tashkil etadi.