17-dekabr kuni kechqurun Toshkent hokimligi poytaxtda ikkita tuman hokimi o‘zgarganini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Davron Ismatov Sergeli tumani hokimi lavozimiga tasdiqlangan. Davron Ismatov 1982-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy — Toshkent moliya instituti va Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. U 2024-yil fevralidan buyon Markaziy bankning Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Abrorxo‘ja Saidaliyev Yunusobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. U 1994 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy — 2017-yilda O‘zbekiston Milliy universitetini, 2021-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

2018-yildan buyon Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligida ishlab kelayotgan bo‘lsa, 2022-yil iyunidan buyon mazkur tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.