O‘zbekistonda o‘rmon fondi yerlarida ekilgan daraxtlar uchun kambag‘al oilalarga subsidiya beriladi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.

Hujjat bilan O‘rmon fondi yerlarida ekilgan daraxtlar uchun kambag‘al oilalar a’zolariga subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Kambag‘al oila a’zolariga o‘rmon fondi yerlarida ekiladigan va yetishtiriladigan har 100 tup daraxt uchun BHMning 1 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.

Talabgor tanlangan maydondagi yer uchastkasini o‘rmon xo‘jaligi tashkiloti tomonidan tayinlangan mas’ul xodim (murabbiy) ning tavsiya va ko‘rsatmalariga muvofiq tayyorlaydi, bir mavsum davomida daraxt ko‘chatlarini ekadi va parvarishlaydi.Murabbiy tuman (shahar) ekologiya bo‘limi bilan hamkorlikda talabgor tomonidan ekilgan daraxt ko‘chatlarini dalolatnoma va fotohisobot asosida joyiga chiqqan holda qabul qilib oladi.

Tuman (shahar) ekologiya bo‘limi har bir talabgor uchun “Ekofaol fuqaro” platformasida shaxsiy kabinet ochadi va unga ekilgan daraxt ko‘chatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi. Kiritilgan ma’lumotlar tuman (shahar) ekologiya bo‘limi tomonidan 5 ish kuni ichida tasdiqlanadi yoki rad etiladi.

Tuman (shahar) ekologiya bo‘limi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmalariga talabgorga subsidiyaning 50 foizini ekilgan daraxt ko‘chatlari soniga mutanosib ravishda to‘lash uchun buyurtmanoma yuboradi.

Ekologiya boshqarmalari subsidiya mablag‘larini talabgorning bank kartasiga 5 ish kuni ichida o‘tkazib beradi.