O‘zbekistonda yog‘ingarchilikdan so‘ng nisbiy isish fonida atmosferada inversion jarayonlar yana faollashadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Respublikaning bir qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Samarqand va Jizzax viloyatlarida ertalabki, kechki va tungi soatlarda atmosferaning yerga yaqin qatlamida havo almashinuvining cheklanishi ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Natijada, ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishini qiyinlashtiradigan noqulay meteorologik sharoitlar shakllanadi. Tabiiy geografik o‘rni, relef xususiyatlari va sinoptik sharoitlarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston hududi, umuman olganda, atmosfera inversiyasi tez-tez va deyarli doimiy ravishda namoyon bo‘ladigan mintaqalar qatoriga kiradi.

Joriy prognozlar bo‘yicha issiq ob-havo va inversiya jarayonlari joriy haftaning oxirigacha saqlanib turadi.