23-dekabr kuni O‘zbekistondagi barcha metan zapravkalar soat 10:00 dan 16:00 gacha ishlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bunda, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida gaz quyish shoxobchalarining ish rejimi gaz bosimi darajasidan kelib chiqib, hokimliklar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Gaz bosimi pasaygan davrda Energetika vazirligi va hokimliklar birinchi navbatda aholi, jamoat transporti va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash zarurligini hisobga oladi.

Jamoat transportining barqaror ishlashi, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni ta’minlash va aholi ehtiyojlarini qondirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan metan zapravkalarning ish rejimi gaz ta’minotining umumiy holati, bosim darajasi va iste’mol hajmidan kelib chiqib, mahalliy hokimliklar bilan kelishiladi, — deyiladi xabarda.

Energetika vazirligi ushbu chora-tadbirlar gaz resurslaridan oqilona foydalanish va barcha sohalarda barqaror ta’minotni ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.