Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan soxta kanal va akkauntlar ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan jinoiy guruh a’zolarini aniqladi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Andijon viloyatida yashovchi 22 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 5 nafar fuqaro joriy yil boshida bojxona organlari nomidan jinoiy reja tuzib, ijtimoiy tarmoqlarda “Musodara qilingan tovarlar” va “Ulgurji ombor” nomli guruhlar tashkil etgan. Ushbu guruhlarda “Bojxona qo‘mitasi admini” deb nomlangan o‘nga yaqin soxta akkauntlardan foydalanib, o‘zlarini idora xodimi sifatida tanishtirgan.

Jinoyatchilar arzonlashtirilgan narxlarda maishiy texnika, turli gadjetlar, shuningdek, kiyim-kechaklarni taklif qilgan. To‘lovlarning bir qismi uchinchi shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari orqali qabul qilingan. Jinoiy guruh 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, 117 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Buyurtma qilingan mahsulotni talab qilgan yoki firibgarlar bilan qayta bog‘lanishga uringan jabrlanuvchilar bloklandi.

Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilib, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.