O‘zbekistonda jinoyatchilik yuqori bo‘lgan mahallalar hokimlar, prokurorlar va IIB boshliqlariga biriktiriladi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.
Hujjatga muvofiq, mahalla va tumanlarda kriminogen vaziyat uchun shaxsiy javobgarlik belgilandi. Jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan har bir hudud aniq mas’ullarga biriktiriladi. Yangi tartib prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Muayyan mahallalar mutasaddi rahbar va idoralarga biriktiriladi. Xususan:
- kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan mahallalar bo‘yicha — tuman (shahar) hokimlari, prokurorlar va IIB boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari zimmasiga;
- 5 yil davomida “qizil” toifada bo‘lgan mahallalar — Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari boshliqlari, viloyat darajasidagi IIB boshliqlari o‘rinbosarlari va hokim o‘rinbosarlariga;
- 3 yil davomida “qizil” toifadagi mahallalar — huquq-tartibot organlarining ta’lim va ilmiy tashkilotlariga;
- kriminogen vaziyat eng og‘ir bo‘lgan tumanlar va shaharlar — viloyat darajasidagi prokurorlar va IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari;
- xotin-qizlar, spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni suiiste’mol qiluvchi shaxslar hamda nizoli oilalar o‘rtasida jinoyatchilik eng ko‘p sodir etilgan mahallalar — viloyat darajasidagi oila va xotin-qizlar, sog‘liqni saqlash va adliya boshqarmalari boshliqlariga.
Yuqoridagi mas’ullarga o‘z hududida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish modelini yaratish va ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qat’iy shaxsiy javobgarlik yuklatiladi.