Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonda o‘zbek tilidan foydalanishga cheklov qo‘yilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Respublika Tashqi ishlar vazirligi axborotga munosabat bildirdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston rasmiylari mamlakat hududida o‘zbek tilidan foydalanishda hech qanday cheklovlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Shuningdek, ular Afg‘oniston hukumati va xalqi o‘zbek xalqi va uning tiliga chuqur hurmat bilan qarashini ta’kidladi.

Afg‘oniston hukumati hozirda oliy o‘quv yurtlari peshlavhalarini yagona standartga keltirish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, yozuvlar butun mamlakat bo‘ylab uch tilda — pushtu, dari va ingliz tillarida joylashtiriladi. Shimoliy hududlar, xususan, Samarqand universiteti uchun, istisno tariqasida, yozuvlar pushtu, dari va o‘zbek tillarida bo‘ladi.

Qayd etilishicha, Afg‘oniston hukumati tarixda birinchi marta Juzjon davlat universitetida “O‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura dasturini ochishni rejalashtirmoqda. Ushbu qaror ikki davlat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va do‘stona munosabatlarning yaqqol tasdig‘i sifatida baholanmoqda.