O‘zbekistonda 2026-yil 1-noyabrgacha “Mening inspektorim” mobil ilovasi yaratiladi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.

Hujjatga muvofiq, ilova fuqarolarga mahalla profilaktika inspektori bilan onlayn muloqot qilish, foto, audio, video xabarlar va xavotirli xabarlar yuborish, shuningdek, ularning faoliyatini baholash imkonini beradi.

2026-yil yakuniga qadar soha va hududidan qat’i nazar, fuqarolarning huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi og‘zaki murojaatlarini Ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat planshetlari orqali qabul qilish hamda tezkor javob qaytarish amaliyoti joriy etiladi.

Oilaviy-maishiy munosabatlar doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish maqsadida 2026-yil 1-mayga qadar nizoli oilalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va monitoring qilish imkonini beruvchi “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimining “E-nizoli oila” moduli joriy etiladi va sudlar o‘rtasida integratsiya qilinadi.