O‘zbekistonda havo sifati yanvar oyining o‘rtalariga yaqin normallashadi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov ma’lum qildi.
So‘nggi kunlarda mamlakatda harorat inversiyasi bilan bog‘liq noqulay meteorologik sharoitlar tufayli havo sifatining yomonlashishi kuzatilmoqda.
Hodisa kunduzgi va kechki havo harorati o‘rtasidagi keskin farq, ba’zi hollarda 14 darajaga yetishi, tuman hosil bo‘lishi, shuningdek, shamol tezligining pasayishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosiga tarqalishini qiyinlashtiradi.
Maxsus komissiya o‘z faoliyatini to‘xtatmaydi. Aholini ekologik vaziyatdan muntazam xabardor qilish bilan birga tegishli tashkilotlar ishini muvofiqlashtirib boradi. Endilikda Maxsus komissiyaning asosiy e’tibori sanoat va xo‘jalik obyektlarida ekologik reydlar va nazorat tadbirlarini o‘tkazishga qaratilgan.
Joriy yilning 1-7-yanvar kunlari Toshkent shahridagi 12 ta va Toshkent viloyatidagi 22 ta ishlab chiqarish korxonalarida o‘rganishlar o‘tkazilib, ta’sirchan choralar ko‘rildi. Atmosfera havosini ifloslantirgan o‘nlab avtotransport vositalariga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. Shuningdek, tashlamalar manbalari monitoringi kuchaytirildi, atmosfera havosi sifatini tezkor baholash amalga oshirilmoqda.
Noqulay meteorologik sharoitlar taxminan 16-17 yanvar kunlarigacha saqlanib turadi. Antitsiklonlar kelishi bilan yog‘ingarchilik va shamol tezligining oshishi kutilmoqda, bu atmosfera havosi sifatini normallashtirishga yordam berishi kerak.