O‘zbekistonda issiqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Bu haqda “Issiqхona хoʻjaliklarini rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hukumat qarorida so‘z boradi.

Prezidentning 2025-yil 8-oktyabrdagi qarorida xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va samaradorligini oshirish dasturini ishlab chiqish belgilangan edi. Dasturni ishlab chiqishni muvofiqlashtirish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi qisqartirilgan tashkilotlar hisobidan 6 ta shtat birligidan iborat loyiha ofisi tashkil etiladi.

Ofis alohida yuridik shaxs sifatida tashkil etiladi. U o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksport, savdo, infratuzilma va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyatiga hisobot beradi.

Ofisning vazifalari quyidagilar bo‘ladi:

  • issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan dastur uchun talablar va texnik shartlarni belgilash,
  • uni ishlab chiqishni tashkil etish va muvofiqlashtirish;
  • xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining tavsiyalarini umumlashtirish va tahlil qilish;
  • tegishli tashabbuslarning amaliy ijrosini ta’minlash;
  • issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirish masalalarini institutsional tahlil qilish hamda islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilash.