Buxoroda o‘quv markazining 20 nafar o‘quvchisi ahvoli keskin yomonlashganidan so‘ng shifoxonaga yotqizilgan. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi holatga izoh berdi.

11-yanvar kuni tez tibbiy yordam xizmatiga Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazlaridan birida tahsil olayotgan 20 nafar yigit-qizning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida xabar kelib tushgan.

Natijada ular tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Viloyat hokimining topshirig‘iga asosan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida ishchi guruh tuzilib, voqea joyiga yetib borgan.

Barcha bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligining amaldagi standartlariga muvofiq laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi. O‘tkazilgan tibbiy muolajalar natijasida barcha 20 nafar bemorning ahvoli yaxshilanib, ambulator sharoitda davolanish uchun uyiga yuborilgan, — deyiladi xabarda.

Bemorlardan tegishli qon namunalari olinib, ekspertizaga yuborildi. Ekspertiza natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.