2025-yilda O‘zbekistonda 2 188 kishi yo‘l-transport hodisalari qurboni bo‘ldi. Bu haqda YHXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
YHXX ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 2 199 tadan 2 188 taga kamaygan. YTHlar oqibatida 2025-yilda 8 901 nafar, 2024-yilda 8 931 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi besh yilda YTHlar sonining kamayish tendensiyasi saqlanib qolmoqda.
Bu aholi soni va transport vositalari soni ortib borayotganiga qaramay kuzatilmoqda. Xususan, aholi soni 2021-yildagi 35 million 271 ming 276 kishidan 2025-yilda 38 million 232 ming 254 kishiga, transport vositalari soni esa 3 million 821 ming 869 tadan 5 million 532 ming 396 taga ko‘paygan, — deyiladi xabarda.
So‘nggi besh yilda YTH oqibatida halok bo‘lganlar soni har 100 ming aholiga 6,9 tadan 5,7 taga, har 10 ming transport vositasiga 6,3 tadan 4,0 taga kamaygan. Bolalar ishtirokidagi YTHlar soni 2024-yilga nisbatan 171 taga (-9,6 foiz), halok bo‘lgan bolalar soni esa 36 taga (-12,8 foiz) kamaygan. 2025-yilda jami 9 226 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan (2024-yilda 9 364 ta).