Krasnoyarskda Uzbekistan Airways samolyoti favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda aeroport matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 21-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:46 da Toshkent – Vladivostok yo‘nalishi bo‘yicha HY707 reysini amalga oshirayotgan Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Boeing 767-300 samolyoti texnik sabablarga ko‘ra Krasnoyarsk aeroportiga favqulodda qo‘ngan.

Samolyot bortida 122 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Jarohatlangan yo‘lovchilar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Krasnoyarsk aeroportining barcha xizmatlari zudlik bilan to‘liq shay holatga keltirildi.

Qo‘nish odatdagidek, belgilangan xavfsizlik tartib-qoidalariga muvofiq amalga oshirildi. Krasnoyarsk aeroporti odatdagidek ishlashda davom etmoqda.