Oʻzbekistonda 2-tur qandli diabet bilan statistikada koʻrsatilganidan 10 baravar koʻp odam kasallangan — olimlar
Ilgʻor texnologiyalar markazi, kardiologiya markazi va Toshkent tibbiyot universiteti olimlari Oʻzbekiston aholisining genetik xavflari haqida monografiya chiqardi. Ularning maʼlumotiga koʻra, 2-tur qandli diabet bilan hisobda turganlardan 10 baravar koʻp odam kasallangan. Kasallikni erta aniqlash uchun genetik test tizimi yaratildi.
Ilgʻor texnologiyalar markazi olimlari Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot universiteti mutaxassislari bilan birga Oʻzbekiston aholisidagi genetik xavf omillari haqida monografiya taqdim etdi, deya xabar berdi Fanlar akademiyasi.
Tadqiqotchilar maʼlumotiga koʻra, mamlakatda 2-tur qandli diabetning haqiqiy tarqalishi endokrinologiya dispanserlari statistikasidan 10 baravar yuqori. Kasallik uzoq vaqt yashirin va alomatsiz kechadi, shu bois koʻpchilik qandi yuqori holda yashab, shifokorga murojaat qilmaydi, statistikaga esa faqat hisobdagi bemorlar tushadi.
Xavfni oldindan aniqlash uchun olimlar genetik markerlarni (SNP) tanlab, Oʻzbekiston aholisi uchun test tizimi yaratdi. U qon tahlili orqali diabetga moyillikni aniqlaydi, bu esa profilaktikani oʻz vaqtida boshlash imkonini beradi.
Mualliflar fandagi «genetik tengsizlik»ka ham eʼtibor qaratadi: dunyodagi genetik tadqiqotlarning qariyb 90,5 foizi yevropa kelib chiqishiga ega odamlarda oʻtkaziladi, Osiyo populyatsiyalariga esa atigi 3,14 foiz toʻgʻri keladi. Shu sababli xorijiy tibbiy markerlarni Oʻzbekiston aholisiga mexanik tarzda qoʻllab boʻlmaydi.
Monografiyada ilk bor yurak-qon tomir, onkologik, metabolik va irsiy kasalliklar haqidagi maʼlumotlar jamlangan: olimlar yuzlab ishlarni, ulardan 34 tasini batafsil oʻrgangan.
Добавьте Vzglyad.uz в предпочтительные источники Google. Это бесплатно и занимает 5 секунд, а для нас — лучшая поддержка и мотивация работать ещё лучше.