Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlari Bahraynga koʻchirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining rasmiy bayonoti eʼlon qilindi. Qoʻmita Olimpiya shaharchasi nafaqat yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlari oʻtkaziladigan joy, balki ilmiy-uslubiy ishlar markazi ham boʻlishini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgan. Foydalanishga topshirish muddati kechikishini inobatga olgan holda Oʻzbekiston tomoni OOKdan musobaqani yana bir yilga surishni soʻradi.
Biroq Olimpiya sport turlaridagi bellashuvlar kelgusida Dakar-2026 oʻsmirlar yozgi Olimpiya oʻyinlariga saralash vazifasini bajarishi nazarda tutilgani bois OOK III yoshlar Osiyo oʻyinlari 2025-yilda tashkil etilishi muhimligini bildirdi.
Shu tufayli OOK III yoshlar Osiyo oʻyinlari mezbonligini Bahraynga topshirdi va Oʻzbekistonga Islom birdamligi oʻyinlari yoki Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari kabi kattalar miqyosidagi yirik kompleks tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrishni tavsiya qildi.
Oʻzbekiston ommaviy sport va olimpiya harakatini rivojlantirishga sodiq qolmoqda, deya aniqlik kiritdi MOQ. “Olimpiya shaharchasini barpo etish, undan unumli foydalanish va uning negizida sportimizni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha Prezidentimiz tomonidan berilgan barcha topshiriqlar ijrosi taʼminlanadi va kelajakda bu majmua yirik sport tadbirlarini oʻtkazishga har tomonlama tayyor boʻladi”, — deyiladi xabarda.