3-dekabr kuni Pekinda “Xitoyda Oʻzbekiston turizm yili”ning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbir Oʻzbekiston va Xitoy yetakchilari oʻrtasida joriy yil yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarga muvofiq oʻtkazilmoqda.
Marosimda Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev, Xitoy madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Lu Yunchuang, BMTning turizm boʻyicha bosh kotibi Zurab Pololikashvili, Trip.com, Alibaba Fliggy, CCT va CYTS kabi yirik turoperatorlar va korporatsiyalar rahbarlari, shuningdek, CCTV, CGTN va China Global kabi yetakchi media-xoldinglar vakillari ishtirok etdi. Bundan tashqari, tadbirda turizm sohasi mutaxassislari ham ishtirok etdi.
“Oʻzbekiston turizm yili”ning ochilishi doirasida turizmga investitsiyalar boʻyicha Oʻzbekiston-Xitoy forumi boʻlib oʻtdi. Xitoyning 200 dan ortiq sayyohlik sohasi vakillari istiqbolli infratuzilma loyihalari, xitoylik sayyohlar uchun yangi sayyohlik mahsulotlari va yoʻnalishlari bilan tanishdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Shanxay, Guanchjou va Sian shaharlarida “Oʻzbekistonga sayohat qil!” sayyohlik rode-shousida ishtirok etadi. Ushbu tadbirlar doirasida ikki mamlakat turoperatorlari oʻrtasida Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, joriy yilning 1-dekabrida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida 30 kungacha muddatga vizasiz rejim joriy etish toʻgʻrisidagi bitim imzolangandi.