Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan yoqilg‘i quyish shoxobchasini demontaj qilish rejalashtirilayotgani haqida viloyat FVB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qaror tadbirkorning o‘z xohishi bilan qabul qilingan va kelajakda yoqilg‘i quyish shoxobchasi faoliyat yuritmaydigan bo‘ladi.
FVBning ta’kidlashicha, hozirda aholi va qo‘shni hududlarning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish ustuvor vazifa hisoblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘onadagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida portlash 17 dekabr kuni kunduzi sodir bo‘lgandi. Portlashga suyultirilgan gazni quyishda texnologik jarayon va xavfsizlik texnikasi qoidalarining buzilishi sabab bo‘lgan.
Farg‘onada yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan, yana 8 kishi tibbiy kuzatuvda turibdi.