O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalari soni 9 mingtaga yetdi

O‘zbekiston

So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda tibbiyot sohasida xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 2017-yilda xususiy shifoxonalar soni 3,5 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 9 mingtaga yetdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida yuz berayotgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari ushbu sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratishga, shu orqali aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va qamrovini yanada oshirishga qaratilgan.

Xususan, so‘nggi sakkiz yilda tibbiyot sohasida xususiy sektor ulushini oshirish, barcha yo‘nalishlarda nodavlat tibbiyot muassasalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Natijada 2017-yilda xususiy shifoxonalar soni qariyb 3,5 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 9 mingtaga yetdi.

Tibbiyotning nodavlat sektoridagi mutaxassislik turlari 50 tadan 225 taga ko‘paydi. Shuningdek, xususiy shifoxonalar uchun tibbiyot mutaxassisliklari bo‘yicha lisenziya olish imkoniyati yaratildi.

Mavjud 3700 dan ortiq xususiy klinikalar yangi tibbiy ixtisosliklar hisobiga o‘z faoliyatini kengaytirdi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekistondagi barcha tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan o‘rinlarning 35 foizi xususiy sektorga tegishli. Ya’ni, nodavlat tibbiyot klinikalarida stasionar o‘rinlar soni so‘nggi yillarda sezilarli darajada ko‘payib, 2024-yilda 42 750 taga yetadi.

Bundan tashqari, barcha xususiy tibbiyot muassasalarida ambulatoriya-poliklinika va 1530 dan ortiq stasionar xizmatlar tashkil etilib, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari 726 tadan 2251 taga ko‘paydi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida xususiy tibbiyotning ulushi 30 foizga yetgan.

Ular orasida laboratoriyalarda ko‘rsatiladigan xizmatlarning 40 foizi, oftalmologiya va jarrohlik oftalmologiyasi sohasidagi xizmatlarning 60 foizi, otolaringologiya va endoskopik otolaringologiya sohasidagi xizmatlarning 70 foizi hamda stomatologik diagnostika va muolajalar sohasidagi xizmatlarning 91 foizi xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.