Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasida katta tezkor vakil lavozimida ishlovchi huquq-tartibot xodimi 10 ming AQSH dollari miqdoridagi porani olayotgan paytda ushlangan.
Maxsus operatsiya davomida Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yildi. U tanishlari orqali giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq ishda ayblanayotgan fuqaroga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni olishiga yordam bergan. Ayblanuvchiga uy qamog‘i jazosi tayinlangan.
Tezkor vakil o‘z xizmati uchun 10 ming dollar talab qilgan va pulni olayotgan paytda qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur xodimga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a” kichik bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 2-qismi “b” kichik bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.