Alisher Qodirov Energovazirlikni tanqid qildi

O‘zbekiston

“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov Energetika vazirligi va uning aholi bilan ishlashini tanqid qildi. “Bugungi kunda elektr energiyasining 75 foizi gaz yoqish hisobiga ishlab chiqarilayotgani haqida odamlarga kim maʼlumot beradi?” — deya savol qoʻydi Qodirov.

Foto: “Milliy tiklanish” matbuot xizmati

“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov Energetika vazirligi faoliyatini tanqid qildi.

“Bugun jamiyatimizda energetika bilan bogʻliq eʼtiroz va tushunmovchiliklar shunchalik koʻpayib ketdiki, ijtimoiy tarmoq orqali sohani tushungan ham, tushunmagan ham tanqid qilyapti”, — dedi Qodirov.

Uning soʻzlariga koʻra, bunga asosiy sabab Energetika vazirligi tomonidan aholi bilan ishlashni toʻgʻri tashkil etilmaganidir.

“Bugun elektr energiyaning 75 foizi gazni yoqish orqali ishlab chiqarilayotgani, tarmoqdagi muammolar, ”yashil energetika“ni rivojlantirish borasidagi ishlar, loyihalar koʻlami haqida odamlarga kim maʼlumot beradi?” — deya savol qoʻydi partiya rahbari.

Eslatib oʻtamiz, 10-fevral kuni Buxoro viloyatida “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurining 106-kilometrida avariya sodir boʻlgandi. Dastlab Energetika vazirligi hodisa oqibatlari toʻliq bartaraf etilgunga qadar respublika hududlaridagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalariga (AGTKSH) vaqtinchalik cheklovlar joriy etilayotgani haqida xabar berdi. Keyinroq xabarning bu qismi oʻchirib tashlandi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.