11-fevral kuni Senat Oʻzbekiston Oila kodeksiga qoʻshimchalar kiritdi, unga koʻra, maishiy zoʻravonlik tufayli ajralish paytida er-xotinni yarashtirish muddati bekor qilinadi.
Hujjatda oilaviy zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarning huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish va bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan normalar nazarda tutilgan.
“Jumladan, nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zoʻravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxsning talabiga koʻra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilanmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, nikohdan ajratish masalasining oʻz vaqtida hal etilmasligi oʻz joniga qasd qilish, ayollarning bevaqt oʻlimi va boshqa fojiali oqibatlarga sabab boʻlmoqda. Ushbu normaning amaliyotga joriy etilishi tazyiq va zoʻravonlik holatlari muntazam sodir etilayotgan nizoli oilalarda ogʻir jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Uy-joy kodeksiga xotin-qizlarning huquqlarini mustahkamlash va ularning uy-joy masalalarini huquqiy sohada hal etishga yordam beradigan turar joydan foydalanish toʻgʻrisidagi qoʻshimcha kiritilmoqda.
Endilikda sud turar joydan foydalanish toʻgʻrisidagi nizolarni koʻrishda mulkdor zimmasiga majburiy tartibda koʻchirilayotgan tarafni mulkdorga tegishli boʻlgan, sharoiti teng boshqa turar joyga koʻchirish majburiyatini yuklashi yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini toʻlash majburiyatini yuklashi mumkin.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev bolalarga nisbatan oilaviy-maishiy zoʻravonlik uchun javobgarlik, shuningdek, oilaviy-maishiy zoʻravonlik bilan bogʻliq ishlar boʻyicha yarashuv toʻgʻrisidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida emas, balki sudda koʻrib chiqish bosqichida berish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi tuzatishlarni maʼqullagandi.