Olmaliqda “Buyuk ipak yoʻli” Oʻzbekiston–Xitoy sanoat zonasi barpo etilmoqda

O‘zbekiston

Olmaliqda “Buyuk ipak yoʻli” Oʻzbekiston–Xitoy sanoat zonasi qurilishi boshlandi. Birinchi bosqichda 13 gektar maydonda ofis binolari, logistika markazi va ishlab chiqarish sexlari quriladi.

Фото: Пресс-служба областного хокимията

Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida “Buyuk ipak yoʻli” Oʻzbekiston-Xitoy sanoat zonasi qurilishi boshlandi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati. Loyiha Xitoyning Zhejiang Holley Global Industry Development kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Dekabr oyi oxirida Olmaliq shahri hokimi Qobil Hamdamov Xitoyda Holley Group direktorlar kengashi raisi Van Lichen bilan texnoparkni rivojlantirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi. Yaqinda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev qurilish maydonida boʻlib, ish jarayoni bilan tanishdi, bosh reja va kommunikatsiyalar bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Birinchi bosqichda “Hilol” mahallasidagi 13 gektar maydonda ish olib boriladi. Bu yerda ikki qavatli koʻrgazma zali, uch qavatli ofis binosi, logistika markazi, kichik sovitkich va transformatorlar ishlab chiqarish sexlari barpo etiladi.

Kelgusida texnopark maydoni 227 gektarga yetkazilib, 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi. Bu yerda elektrotexnika, toʻqimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Loyihaning toʻliq rivojlanishi natijasida 12 mingdan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Yillik eksport hajmi 120 million dollarga, ichki bozorga mahsulot yetkazib berish hajmi esa 80 million dollarga yetishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Holley Group Toshkent viloyatida Oʻzbekiston-Xitoy texnoparki tashkil etilishini oʻtgan yilning may oyida eʼlon qilgandi. Bungacha kompaniya “Angren” EIZda transformatorlar va yarimoʻtkazgich mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan edi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda xalqaro tajribaga tayangan holda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish rejalashtirilgan. Tashabbus doirasida kechayu kunduz ishlaydigan gastronomik va koʻngilochar hududlar yaratiladi, infratuzilma yaxshilanadi va Night City raqamli platformasi ishga tushiriladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.