Oʻzbekiston prezidenti hujjat imzoladi, unga koʻra Aloqabank “Yoshlar banki”ga aylantirildi. Endi u yoshlarning biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga ixtisoslashtiriladi va buning uchun 200 million dollar ajratiladi.
Yangilangan bank faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga mikrokreditlar ajratish boʻladi. Ular 7 yilgacha muddatga 100 mln soʻmgacha imtiyozli shartlarda olishlari mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan, kichik korxona ochgan, kamida 20 kishini ish bilan taʼminlagan va oʻquv markazi tashkil etgan yosh tadbirkorlar xuddi shu muddatga kattaroq — 5 mlrd soʻmgacha kredit olishlari mumkin boʻladi.
Biznesda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi - barcha bank kreditlarining kamida 30 foizi aynan ayollar tadbirkorligiga yoʻnaltiriladi.
Kredit dasturlaridan tashqari, hududlarda “Yoshlar biznes inkubatorlari” paydo boʻladi. Ular 6 oy — 3 yil davomida rivojlanishi mumkin boʻlgan gʻoyalarni startaplarga aylantirish maydonchalariga aylanadi. Natijada startaplar biznesni shakllantirishning barcha bosqichlarida qoʻllab-quvvatlanadi.
Qoʻshimcha moliyaviy yordam Aloqa Venture Fund tomonidan koʻrsatiladi. Jamgʻarma istiqbolli startaplarga 50 ming dollardan 1 million dollargacha investitsiya kiritib, ularga ichki va tashqi bozorlarga chiqish, hamkorlar topish va qoʻshimcha investitsiyalar jalb qilishda koʻmaklashadi.
Avvalroq, MXB tijorat koʻchmas mulklarini tadbirkorlarga qulay shartlarda ijaraga yoki lizingga berish uchun ularni sotib olishga 500 mlrd soʻm sarmoya kiritishi haqida xabar berilgandi.