Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi bergan maʼlumotga koʻra, 15-fevral kuni Milliy bogʻda Xitoy fuqarolari tomonidan miting oʻtkazilgani qayd etilmagan. Shu kuni Huawei kompaniyasi xodimlari ommaviy yugurish tadbirini tashkil etishdi.
Bannerlarda xitoy tilida “Sport — salomatlik garovi, yuguring va sogʻlom boʻling” degan yozuvlar bor edi. Ushbu voqeani muassasa va tashkilotlarimiz uchun namuna sifatida koʻrsatish mumkin, — deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, 15-fevral kuni Toshkentning Chilonzor tumanidagi istirohat bogʻlaridan birida koʻpchilikning eʼtiborini tortgan voqea sodir boʻldi. Bir necha oʻnlab Xitoy fuqarolari bogʻga »Biz kuchlimiz" deb yozilgan bayroqlar va transparantlar bilan kelishdi, deb yozdi Kun.uz.
Guvohlarning soʻzlariga koʻra, odatda ushbu hududda xavfsizlikni taʼminlaydigan Milliy gvardiyaga tadbir haqida xabar berilmagan. Shuningdek, sodir boʻlayotgan voqealardan na Toshkent shahar hokimligi, na IIBB xabardor boʻlmagan.