Toshkentdagi Milliy bogʻda 15-fevral kuni erta tongda noodatiy voqea sodir boʻldi. Kun.uzʼga berilgan maʼlumotga koʻra, qoʻllarida bayroqlar va xitoy tilidagi yozuvlar tushirilgan transparantlar bilan yugurib ketayotgan oʻnlab odamlarni koʻrish mumkin.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ushbu tadbir haqida maʼlumot berilmaganini maʼlum qildi.
“Xitoyliklar “Biz kuchlimiz” deb hayqirishdi. Xitoylik talabalar har yili bahor va yozda shiorlar bilan yurish qiladi. Ehtimol, bu shunday tadbirlardan biridir”, — deya taxmin qildi hokimlik.
Kechayu kunduz kirib-chiqayotganlarni tintuv qilayotgan Milliy gvardiya xodimlari ham nashr muxbiriga tadbir oʻtkazilishidan bexabar ekanliklarini aytishgan.
“Bu qorovul almashish vaqtida sodir boʻlgan, shuning uchun biz xabardor boʻlmaganmiz”, — deya izoh berdi Milliy gvardiya xodimlari.
Maʼlumotlarga koʻra, hozirda Chilonzor tumani IIB boshligʻi oʻrinbosari voqea joyiga yetib kelgan va surishtiruv ishlari boshlangan.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yil noyabr oyida Toshkentda Falastinni qoʻllab-quvvatlash mitingi uchun uch nafar fuqaro hibsga olingandi.