The Washington Post nashrining yozishicha, AQSH kongressmenlari delegatsiyasi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga mamlakatdagi mineral resurslarning yarmini olish boʻyicha kelishuvni imzolashni taklif qilgan. Ammo Zelenskiy muloyimlik bilan rad etdi.
Reuters xabariga koʻra, Ukraina rahbari hujjatni batafsil oʻrganib chiqishga ulgurmaganidan xavotir bildirgan. Kiyev konstitutsiyaviy tamoyillarga asoslangan oʻz taklifini ilgari surmoqchi.
Bundan tashqari, Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Zelenskiy birinchi marta AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan uchrashdi. Hamkorlik memorandumini kelishish uchun uchrashuv bir necha bor qoldirildi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq AQSH prezidenti Vashington mojaroning borishidan qatʼi nazar, Ukrainaning 500 mlrd dollarlik nodir metallarini olishini aytgandi. Uning taʼkidlashicha, Kiyev allaqachon harbiy yordam uchun toʻlov sifatida resurslarni berishga rozi boʻlgan.