Shavkat Mirziyoyev oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Oʻzbekistonda bitiruvchilarga ish topishda koʻmaklashishga qaratilgan “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi. Dastur quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
oʻz biznes gʻoyalarini roʻyobga chiqarishni istagan bitiruvchi kurs talabalari uchun biznes loyihani ishlab chiqish jarayonida toʻliq koʻmak beriladi, shu jumladan, qulay shartlarda moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi;
oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari va yuqori kurs talabalari oʻrtasida turli yoʻnalishlar boʻyicha ochiq tanlovlar oʻtkaziladi, shuningdek, gʻoliblarga ish topishda yordam koʻrsatiladi.
Eslatib oʻtamiz, ilgari Oʻzbekiston prezidenti dunyoning yetakchi 1000 ta oliy taʼlim muassasasi roʻyxatiga kiruvchi mamlakat universitetlari sonini ikkitadan oʻntaga yetkazish vazifasini qoʻygandi.