Amputantlar terma jamoasi Bangladeshdagi chempionlik uchun mukofot olmaganini aytdi

O‘zbekiston

12-fevral kuni amputantlar terma jamoasi Bangladeshdagi turnirda gʻalaba qozonib, Osiyo chempioniga aylandi. 14-fevral kuni sportchilar Oʻzbekistonga qaytib kelishdi, u yerda ularni delegatsiya kutib oldi va guldastalar topshirdi. Bloger Jamshidxon Ziyoxonov oʻzining Instagram sahifasida terma jamoa akkaunti bilan yozishmalarning skrinshotini joylashtirdi.

Foto: Paralympic.uz

Avvalroq Bangladeshning Dakka shahrida 12-fevral kuni futbol boʻyicha amputantlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati yakunlangani haqida xabar bergandik.

Unda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston terma jamoasi guruh bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtib, 4 ta oʻyinning barchasida gʻalaba qozondi va 12-fevral kuni finalda Indoneziya terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi.

Oʻzbekistonlik para sportchilar raqibini 6:0 hisobida magʻlubiyatga uchratib, turnir gʻolibiga aylandi. Qayd etish joiz, soʻnggi oʻyinda jamoa sardori Abdujamil Shukurov xet-trik qayd etgan boʻlsa, Aziz Abdurahmonov dublga erishdi.

14-fevral kuni para-sportchilar vatanga qaytishdi. Ularni sport vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Oʻzbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi, Milliy paralimpiya qoʻmitasi va Futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, OAV vakillari va muxlislar tantanali kutib oldi, deb yozadi Paralimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.

18-fevral kuni SUBYEKTIV Youtube-kanali sobiq boshlovchisi va bloger Jamshidxod Ziyoxonov oʻzining Instagram sahifasida amputantlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi akkaunti bilan yozishmalar skrinshotini eʼlon qildi.

Ziyoxonov “Chempionlik uchun mukofotlar boʻlganmi?” deb soʻraganida, hech qanday mukofot yoʻq, degan javob olindi.

Paralimpiya qoʻmitasi hozircha bu maʼlumotga izoh bermadi.

Ziyoxonov 2023-yilda SUBYEKTIV loyihasi uchun ushbu terma jamoa haqida videorolik tayyorlagan edi. Oʻshanda u 17 yoshgacha boʻlgan futbolchilar terma jamoasi aʼzolari 2011-yilda Meksikada boʻlib oʻtgan jahon chempionatida chorak finalga chiqqani uchun Spark avtomobillari bilan taqdirlanganini taʼkidlagan edi. Ammo Oʻzbekiston amputantlar terma jamoasi besh marta jahon chempionati va kubogini qoʻlga kiritgan boʻlsada, hech qanday yirik sovrinlarni qoʻlga kiritmadi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.