Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ijtimoiy xizmatlar tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqdilar. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda pensiya tayinlash jarayoni faol isloh qilinmoqda. Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qilish orqali pensiyalarni shaxsni tasdiqlovchi bitta hujjat bilan rasmiylashtirish amaliyoti joriy etildi.
Hujjat pensiya tizimini yanada raqamlashtirish va inson omilini minimallashtirishni nazarda tutadi. Xususan, pensiya yoshiga yetgan (erkaklar 60 yoshga, ayollar 55 yoshga toʻlgan) fuqarolarga pensiyalarni avtomatik tarzda, bevosita murojaat qilmasdan tayinlash taklif etilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlashda deputatlarning yigʻilish va seminarlarda muhokama qilingan takliflari inobatga olindi. Uchinchi oʻqishda koʻrib chiqilgach, hujjat maʼqullandi va Senatga yuborildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonda 1-martdan ish haqi, pensiya va nafaqalar oshirilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Iqtisodiyot vazirligi ushbu maʼlumotlar ishonchli emasligini maʼlum qilgan.