Oʻzbekistonda ayol avtobus haydovchilarini oʻqitish boshlandi

O‘zbekiston

Transport vazirligi “D” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish istagida boʻlgan xotin-qizlarni qayta tayyorlash boshlanganini maʼlum qildi. Xotin-qizlar bepul qayta tayyorlanib, avtobus haydovchisi boʻlib ishlashi mumkin boʻladi. Tashabbus xotin-qizlarni avtotransport sohasiga jalb qilish va malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.

Foto: Transport vazirligi

Transport vazirligi “D” toifali haydovchilik guvohnomasini olish va avtobuslarni boshqarish istagida boʻlgan xotin-qizlarni qayta tayyorlash boshlanganini maʼlum qildi.

Oʻqitish BMTTD bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Toshkent — kam uglerodli avtotransportga investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish” loyihasi doirasida moliyalashtiriladi. Nomzodlar tanlov asosida saralab olinadi, kursni muvaffaqiyatli tamomlab, huquqni qoʻlga kiritganidan soʻng “Toshshahartransxizmat” AJ avtobus saroylariga ishga joylashtiriladi.

Talabgorlar 21 yoshdan 45 yoshgacha boʻlishi, “B”, “C” yoki “BC” toifali haydovchilik guvohnomasiga va kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlishi kerak. Transport vazirligining taʼkidlashicha, tashabbus ayollarning avtotransport sohasidagi kasbiy ishtirokini oshirish va malakali avtobus haydovchilarini tayyorlashga qaratilgan.

Avvalroq Toshkentda ikkita yoʻnalishdagi jamoat transporti haydovchilari ishga milliy bosh kiyimda chiqqani haqida xabar berilgandi. Ushbu tashabbus Toshkent shahar hokimining milliy anʼanalarni ommalashtirish toʻgʻrisidagi qarori bilan bogʻliq. Endi har juma kuni poytaxtdagi davlat idoralari va korxonalari xodimlari milliy libos elementlarini kiyishlari shart.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.