Oliy Majlis Senati “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risidagi qonunchilikka oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonunni maʼqulladi. Hujjat kredit bitimlari xavfsizligini oshirish va fuqarolarni firibgarlikdan himoya qilishga qaratilgan.
Qonun fuqarolarga oʻz nomiga kredit rasmiylashtirishga taqiqni belgilash va bekor qilish huquqini beradi. Shuningdek, jismoniy shaxslarni Kredit bitimlari taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish tartibi belgilanib, ushbu taqiqni buzganlik uchun javobgarlik joriy etilmoqda.
Oʻzgarishlardan maqsad — kreditlarni fuqarolarga bildirmasdan rasmiylashtirish va mablagʻlarni firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirish holatlarining oldini olish. Hujjatda fuqarolarning kredit byurolari bilan oʻzaro hamkorlik qilish, shu jumladan taqiq toʻgʻrisida ariza berish va oʻz maqomi toʻgʻrisida maʼlumot olish boʻyicha huquq va majburiyatlari aniqlashtirilmoqda.
Qabul qilingan choralar odamlarga kreditlarni rasmiylashtirish imkoniyatini mustaqil ravishda toʻsib qoʻyish imkonini beradi, bu esa moliyaviy firibgarlikdan himoyalanishning samarali usuliga aylanadi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekistonda “Yoshlar banki” paydo boʻlgandi. Bank yosh tadbirkorlarga, jumladan, oʻzini oʻzi band qilgan va kichik biznes egalariga imtiyozli kreditlar ajratadi.