Air Samarkand aviakompaniyasining UZS4003 “Toshkent — Jidda” reysi bortdagi favqulodda tibbiy vaziyat tufayli Bahrayn aeroportiga majburiy qo‘nishni amalga oshirdi, deb xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
Aniqlik kiritilishicha, 75 yoshli yo‘lovchi parvoz vaqtida takroriy yurak xurujiga uchragan. Bortda shifokor bo‘lib, u bemorning ahvoli hayot uchun xavfli ekanligini aytdi.
Air Samarkand ekipaji tibbiy yordam ko‘rsatish uchun eng yaqin aeroportga shoshilinch qo‘nishga qaror qildi.
Yo‘lovchiga bort aptechkasidagi dori-darmonlar va jihozlardan foydalangan holda zarur yordam ko‘rsatildi. Shundan so‘ng erkak reanimatsiya brigadasi shifokorlariga topshirilgan.
Reys Jiddaga taxminan bir soat kechikish bilan parvozni davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, Toronto aeroportida yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragandi. Ma’lum bo‘lishicha, bortda 76 nafar yo‘lovchi va to‘rt nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida 18 kishi jabrlangan. Avariyaga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. Kanada transport xavfsizligi boshqarmasi tergov boshlagan.