Oliy Majlis Senati 20-fevral kuni boʻlib oʻtgan majlisda qurilish maydonlarida chang va qum zarralarini havoga koʻtarganlik uchun jarimalar joriy etish toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi.
Senator Ikromxon Najmiddinovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda qurilish va urbanizatsiya kengayishi, qurilish maydonlarida chang va qum zarralarining havoga koʻtarilishi natijasida atmosfera havosi sifati yomonlashmoqda.
Uning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda respublika shaharlarida chang koʻtarish holatlari tez-tez uchrab turadi, yiliga oʻrtacha 50 kundan 80 kungacha kuzatiladi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, har yili 500 kv. m maydondagi ochiq qurilish maydonidan 50 tonnaga yaqin chang va qum havoga koʻtariladi.
Bugungi kunda shaharsozlik reglamentlarida qurilish maydonchalari va kirish yoʻllarida chang va qum koʻtarilishining oldini olish boʻyicha majburiy talablar, xususan, yomgʻirlatgichlar va suv purkagichlardan foydalanish allaqachon belgilangan.
Biroq qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish talablari va shaharsozlik qoidalari doirasida qurilish chogʻida changni atmosferaga koʻtarganlik uchun quruvchilarning aniq javobgarligi nazarda tutilmagan.
Shu sababli yuzaga kelgan vaziyat ushbu talablarni buzganlik uchun qurilish tashkilotlari mansabdor shaxslarining javobgarligini belgilashni taqozo etadi, dedi Najmiddinov.
Tuzatishlar bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga 85−1-modda kiritilmoqda, unga koʻra qurilish maydonchasida (500 kv. m va undan ortiq), shuningdek, unga tutash hududda va chiqish yoʻllarida chang va qum koʻtarilishining oldini olish boʻyicha talablarni buzganlik yoki havoga ifloslantiruvchi moddalar chiqarish normativlarini oshirib yuborganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (3,75 mln soʻm) miqdorida jarima solinadi.
Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, mansabdor shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (18,75 mln soʻm) miqdorida jarima qoʻllaniladi.
Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi qoidabuzarlarni aniqlab, ularni javobgarlikka tortadi.
Senatorlarning taʼkidlashicha, qonunning qabul qilinishi binolar, inshootlar va ularning komplekslarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash chogʻida atmosfera havosiga tartibsiz ravishda chiqarib tashlanadigan chang va qum zarralarining havoga koʻtarilishini istisno etish imkonini beradi.
Senator Rustam Kalanov 1 kvadrat metr uy-joy narxi oʻrtacha 15−20 million soʻmni tashkil etishini hisobga olsak, joriy etilayotgan jarimalar samarali boʻlishiga shubha bildirdi.
Ekologiya vazirligi vakilining maʼlum qilishicha, kamida 500 kv.m qurilish maydonini tanlashda laboratoriya sinovlari natijalari tahlil qilingan. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, ulardan atmosferaga oʻrtacha 4−4,5 tonna chang chiqariladi.
Uning soʻzlariga koʻra, bu mahalliy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan eng yuqori koʻrsatkich.
Jarimalarga kelsak, jazo Oliy sud va Bosh prokuratura bilan birgalikda muhokama qilinganda, sanksiya huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Jarima miqdorini tanlashda xorijiy davlatlar tajribasi ham oʻrganildi, deya taʼkidladi Ekologiya vazirligi.
Senator Pokiza Ahmedjonova chang chiqindilari bilan bogʻliq qoidabuzarliklar uchun quruvchilarni “Shaffof qurilish” reytingida balldan mahrum qilishni taklif qildi. Bugun prezident qarori bilan daraxtlarni kesgani uchun qurilish tashkilotlari reytingini yoʻqotmoqda.
Ekologiya vazirligi vakili gʻoyani qoʻllab-quvvatlab, qonun qabul qilingandan soʻng xuddi shunday talabni joriy etish mumkinligini maʼlum qildi.
Kuni kecha prokurorlar va ekologlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 762 ta obyektda atmosfera havosini muhofaza qilish meʼyorlariga rioya etilishini tekshirib, ularning yarmidan koʻpi tutun, chang va gaz chiqindilari meʼyorlarini buzayotganini aniqladi. Issiqxonalar, sanoat va ijtimoiy obyektlar shular jumlasidan.
Avvalroq havo ifloslanishi sogʻliqni saqlash sohasidagi eng dolzarb muammolardan biriga aylanib borayotgani, ayniqsa, tanasi zaharli moddalar taʼsiriga koʻproq moyil boʻlgan bolalar uchun dolzarb boʻlib qolayotganini yozgandik. Nafas olish yoʻllariga va hatto qon oqimiga kirib boradigan PM2.5 zarralari nafaqat nafas olish yoʻllari kasalliklarini keltirib chiqarishi, balki oʻsib kelayotgan avlodning aqliy rivojlanishiga jiddiy taʼsir koʻrsatib, ularning sogʻligʻi va kelajagiga tahdid solishi mumkin.