O‘zbekistonda ota-onalar bolalarga noqonuniy diniy ta’lim bergani uchun jarimaga tortila boshlaydi

O‘zbekiston

O‘zbekistonda bolalarni ro‘yxatdan o‘tmagan diniy tashkilotlarga yoki tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lmagan shaxslarga o‘qishga yuborishni taqiqlovchi yangi qonun o‘zgarishlari kuchga kirdi. Qoidabuzarlik uchun jarimalar, takroran sodir etilganda esa 15 sutkagacha qamoq jazosi belgilangan.

O‘zbekistonda ota-onalarga farzandlarini noqonuniy diniy ta’limga jalb etgani uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, ota-onalar farzandlarini o‘z diniy va axloqiy e’tiqodlariga muvofiq tarbiyalash huquqiga ega. Biroq endilikda ularni ro‘yxatdan o‘tmagan diniy tashkilotlarga yoki tegishli ma’lumotga va diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga soluvchi markaziy organning ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan shaxslarga o‘qishga yuborish man etildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi moddasiga ko‘ra, bolani bunday ta’limga jalb qilgan ota-ona yoki vasiylar bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 875 000 — 3 758 000 so‘m) miqdorda jarima to‘lashi belgilangan. Agar qoidabuzarlik bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 10-15 baravarigacha (3 758 000 — 5 625 000 so‘m) oshiriladi, shuningdek, 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Bundan oldin Sadir Japarov jamoat joylarida yuzni yopib turadigan kiyim kiyishni cheklovchi qonunni imzolagandi. Kasbiy va tibbiy holatlar bundan mustasno. Shuningdek, “da’vat” — ya’ni dinga jalb qilish maqsadida uylarga tashrif buyurish taqiqlangan, ammo bu amaliyot hali ham ommaviy yig‘ilish joylarida ruxsat etilgan.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.